QIRG’IZ
ADABIYOTI
Reja:
1.
Qirg’iz xalqi tarixi haqida.
2.
Qirg’iz xalq og’zaki ijodi.
3.
“Manas” eposi haqida.
4.
Qirg’iz yozma adabiyotining
shakllanishi.
5.
XX asr qirg’iz adabiyoti.
Tayanch
so’z va iboralar: Xalq tarixi va adabiyoti, ertak, qo’shiq, dostonlar, “Manas”
eposi, manaschi baxshilar, Semetey, Seytek, To’xtag’ul Sotilg’anov. Yozma adabiyot,
roman, drama “Ken suv”; “Temir” romanlari, T. Abdulmo’minov dramalari.
Qirg’iz xalqi nomi tarixiy manbalarda ko’p uchraydi. Hatto
eramizdan oldingi davrga mansub yodgorliklarda ham “qirg’iz xalqi” degan nomga duch kelamiz.
Ular asosan chorvachilik bilan shug’ullanib, ko’chmanchilik hayotini uzoq asrlar boshidan kechirdi. Qirg’iz halqi ko’p asrlar davomida chet el
bosqinchilarining zulmi ostida bo’ldi.
Markaziy Osiyo hududiga bostirib kelgan arablar, mo’g’ullar, qoraxitoylar, qirg’iz xalqini ko’p yillar ekspluatasiya qildi. Keyinchalik qirg’izlar Qo’qon xonlarining
zulmini boshidan kechirdi. XIX asrda esa qirg’izlar Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olindi.
Qirg’iz xalqi yozuvga ancha kech, ya’ni 1924 yili ega bo’ldi.
Tarixiy taraqqiyot tufayli XX asrda qirg’izlar o’z davlatiga ega bo’ldi.
Qirg’iz adabiyotining tarixi
asosan xalq og’zaki ijodi asarlaridan
iborat. Turli mavzulardagi ertaklar, qo’shiqlar va dostonlarda qirg’iz xalqining xayoti ularning orzu
umidlari aks ettirilgan. Hajviy va yumoristik mazmundagi latifalar Ko’sa va Kal
obrazlari orqali berilgan. Aldar Ko’sa haqidagi ertaklarda g’oyaviy o’tkir problemalar ko’tarib
chiqilgan. “Ko’rman yek”,
“Ertobildi”, “Ertushtik”, “Jonil Mirzo” kabi xalq qahramonlik dostonlari juda mashhurdir.
Qirg’iz xalqining butun dunyoga mashhur bo’lgan dostonlaridan
biri, shubhasiz, “Manas” eposidir. Bu asarda xalqning ko’p asrlik tarixi, ularning chet el bosqinchilar zulmiga qarshi erk va ozodlik
uchun olib borgan kurashi aks ettirilgan. Bu she’riy asarning hajmi nihoyatda
katta bo’lib, 500 ming baytni tashkil etadi. U uch katta qismdan iborat. Birinchi qismda Manasning qahramonliklari hikoya
qilinadi. Ikkinchi qismda esa Manasning o’g’li Semetey, uchinchi qismda uning nabirasi Seytekning hayoti, sarguzashtlari
hikoya qilinadi. “Manas” eposi o’z
ichiga ko’pgina dostonlarning qamrab oladi. Bunda
Manasning el-yurt ozodligi uchun ko’rsatgan qahramonliklari mahorat bilan tasvirlangan. U qirg’iz elini Afg’on va Qalmoq bosqinchilaridan saqlab qoldi. U Farg’onaga kelib
bobodehqondan dehqonchilikni o’rganadi. U turli o’lkalardan kelgan
polvonlarning ko’pchiligi bilan do’stlashadi. Umuman, Manas xalqining porloq kelajagi uchun,
baxt-saodati uchun kurashgan qahramon sifatida
tasvirlangan. Eposning Semetey va Seytek hayotiga bag’ishlangan qismlarida ko’proq ishq-muhabbat va hayotiy-maishiy
mavzularga e’tibor berilgan.
Qirg’iz baxshilarining ko’pchiligi
manaschi-baxshilar bo’lib, ular faqat shu dostonni
kuylaydilar. Manasning qalmoq xoni yuborgan Alvasti Kojart Alp, Kuchku, Joloy kabi
pahlavonlar ustidan erishgan g’alabalari ayniqsa ko’tarinki ruhda kuylangan.
Ma’lumki,
yaqinda Qirg’izistonda “Manas” eposining 1000 yilligi nishonlandi. Eposning ko’pgina
variantlari yozib olindi. Albatta, har bir manaschi-baxshi bu eposning aytishda
o’zidan ham biron-bir yangilik qo’shib, unga ijobiy
yondashadi. Shuning uchun dostonning ayrim variantlarida Manas boshqa yurtlarni bosib oluvchi, ularga qirg’in keltiruvchi zolim sarkarda sifatida ham
tasvirlanadi. Ayrim variantlarida esa Manas xalqparvar, adolatli inson sifatida tasvirlangan.
Yozuvchi
Ch.Aytmatovning yozishicha Sayoqboy Qoralayev degan baxshi “Manas” eposidan bir million
misrani yoddan bilgan. Xullas, “Manas” eposi xajm jihatidan dunyodagi eng katta
eposdir. Unda qirg’iz xalqining tarixi, geografik o’rni, madaniyati,
urf-odatlari haqida keng ma’lumotlar bor. Bunday
katta xajmdagi eposni butun xalq yaratgan. Dastlab
irmoq sifatida paydo bo’lgan bu epos,
bizning bugungi kunimizga kelib katta dengizga aylandi. (Ch. Aytmatov) Bu asarda
realistik, romantik, fantastik, simvolistik badiiy tasvirlash usullaridan keng
foydalanilgan.
XIX
asr o’rtalarida Qirg’iziston Rossiyaga qo’shib olingach, uning adabiyotida ham ayrim o’zgarishlar
bo’ldi. Arab yozuvini egallagan ba’zi qirg’iz oqinlarining yozma shakldagi asarlari paydo bo’ldi.
Shulardan biri To’g’aloq Mo’ldo (asli nomi
Boyimbet Abdurahmonov) xalq ertaklari va qo’shiqlarini qayta ishlab “Jonbaxti”, “Kemchintoy”, “Eshak va
bulbul” singari original xajviy dostonlar yozdi.
O’rta hol dehqon oilasida tug’ilib
voyaga yetgan To’g’aloq Mo’lda (Baimbet Abduraxmanov) yoshligida eski
maktabda o’qib savodini chiqardi. Lekin u xalq oqinlaridan ko’p o’rgandi. Qirg’iz
xalqining boy folklori an’analari ruxida tarbiyalandi. Ayniqsa Musaka degan oqin
yosh shoirga juda ko’p xalq og’zaki ijodidagi qo’shiqlarni va qo’biz
chalishni o’rgatgan edi. U «Bo’z yigit», «Qiz Jibek» «Bayan suluv»
singari dostonlarni yodlab, bularni qo’biz jo’rligida xalq o’rtasida kuylab
yuradi. Shuningdek, shoir ko’plab xalq qo’shiqlarini, termalarini va o’zi to’qigan
she’rlarni ham kuyga solib, tez orada mashhur oqin darajasiga ko’tarildi.
U rus tili va alfavitini mustaqil o’rganib
olib, bu tilda yaratilgan asarlarni o’qiy boshladi. To’g’aloq Mo’lda qirg’iz
adabiyoti tarixida birinchi bo’lib masallar ijod qilgan. Uning «Turna bilan
Tulki», «Bo’ri va tulki», «Bedana va tulki» kabi masallari rus yozuvchisi
Krilov ta’sirida yozilib, ularning tarbiyaviy tomondan ahamiyati buyuk edi.
To’g’aloq Mo’ldoning xotin-qizlar
ozodligi mavzusida yozgan asarlari ham anchaginadir. Mustabid tuzumda inson
erkining, huquqining paymol qilingani shoirning «Sotilgan qiz armoni», «Cholga
tekkan qiz armoni» kabi bir qancha she’rlarida afsus va nadomat bilan
ifodalanadi. U ma’rifatparvarlik haqida ham bir talay asarlar yaratgan
ijodkordir.
Shoirning «Olatov» nomli dostonida
Ona-yurtning tabiati o’zgacha mehr bilan kuylanadi. Tiniq suvlari, qorli cho’qqilari,
yashil vodiylari shoir qalamida yanada boshqacha ko’rk bilan jilvalanadi.
Shoirning «Yer va uning bolalari» nomli dostoni ham juda mashhur bo’lgan. Bu
dostonda Yerni butun mavjudotni o’z bag’riga oluvchi ona deb ataydi. Shunday
ekan Unga xuddi onaga bo’lgan munosabatda o’ta mehribonlik bilan yondashmoq
lozim deydi. To’g’aloq Mo’ldo «Otgantong va Suyganboy», «Nasixat» kabi
poemalarida inson erki, uning ozodligini, hurriyatni ko’tarib chiqdi. Xotin – qizlarning
erkaklar bilan teng huquqligi haqidagi masalani, u qirg’iz adabiyotida
birinchilardan bo’lib o’rtaga tashladi. Uning 200 bosma taboqqa yaqin qo’l
yozma asarlari to’plangan. Bular qirg’iz adabiyotining yuksalishiga, taraqqiyotiga
katta hissa bo’lib qo’shilmoqda.
Xalq baxshilaridan biri To’xtagul Sotilg’anov xam qirg’iz yozma adabiyotining shakllanishiga katta hissa qo’shdi. U yoshligini qattiq qiyinchiliklarda o’tkazdi. Andijonda Dukchi eshon boshchiligida ko’tarilgan
xalq qo’zg’olonida ishtirok etgani uchun sakkiz yil Sibirda surgunda bo’ldi.
T.Sotilg’onov ana shu og’ir xayotiga asosiy sababchilar rus imperiyasi va mahalliy
amaldorlar deb bildi. U “Eshon xalfa”, “Besh qobon” singari she’rlarida mahalliy amaldorlarning, nafsi o’pqon ruxoniylarning yaramas kirdikorlarini fosh qildi.
Yetim-yesir
xolsizni
Savalading, besh to’ng’iz
Odam o’rnida yo’qsilni
Sanamading, besh to’ng’iz
Yeb-ichishdan boshqani
Tan olmading, besh to’ng’iz
Shoirning surgunda
va undan keyingi davrlarda yozgan “Alvido, xalqim”, “Surgunda”, “Tog’ burguti”, “Sog’inish”, “Uch xo’ja” singari
she’rlari ham katta g’oyaviy badiiy qimmatga ega.
20 – yillar qirg’iz adabiyotida turli
janrlarda dastlabki badiiy asarlar yozildi. Chunki 1925 yilda Qirg’iziston respublikasi tashkil etildi. Shu yili «Erkin
tov» nomli birinchi qirg’iz tilida gazeta chiqa boshladi. Shu gazeta tevaragida
qirg’iz adabiyotining vakillari to’planishib, yangi adabiy muhit tashkil etdi.
To’xtagul Sotilganov, To’g’aloq Mo’lda,
Ali To’qimboyev singari shoirlarning she’rlari shu gazetada bosilib chiqar edi.
20 – yillar qirg’iz adabiyoti vakillarining ko’pchiligi xalq oqinlari edi. Ular
ijodi og’zaki adabiyot bilan yozma adabiyot o’rtasida ko’prik vazifasini o’tadi.
Qirg’iz adabiyotida ma’rifatparvarlik g’oyalarini
targ’ib qilgan Mo’lda Qilich, Arstonbek, K.Tinishtoyev kabi jadid
yozuvchilarining ham o’rni juda katta bo’ldi. Bular ijodida qirg’iz xalqining
milliy urf-odatlari, o’zligini anglash masalalari ko’tarib chiqildi. Lekin bu
ijodkorlar sobiq ittifoq davrida «millatchilar» deb qoralangan, faqat Qirg’iston
o’z mustaqilligini qo’lga olgach, bular ijodi yana o’rganila boshladi.
20 – yillar qirg’iz
dramaturgiyasining shakllanish davri bo’ldi. 1924 yil Bishkek pedagogika texnikumida dramatik to’garak
tashkil etildi, 1926 yilda esa teatr studiyasi tashkil etildi.
Qosimali Jontashev «Cho’ponlar», «Qorasoch» kabi dramalarni yozdi. Bu asarlar ham zamonaviy mavzuda bo’lib, ularda xotin-qizlar ozodligi, inson erki kabi masalalar ko’tarilib chiqilgan edi. Shu yillar Qirg’iz prozasining ilk namunalari e’lon qilina boshlaydi. 1927 yilda Qosimali Boyaminov «Ajdar» qissasi e’lon qilindi, gazeta va jurnallarda ko’plab felyeton, ocherk, hikoyalari chiqib turdi. Bular realistik qirg’iz prozasining shakllanishiga ma’lum darajada
xizmat qildi. Birinchi
qirg’iz romanlari «Kanibek» (K. Jontoshev), «Ken Su» (T. Siddiqbekov)
30-yillarda yozilgan.
XX
asr boshlarida qirg’iz ziyolilaridan Mo’lda Qilich “Zilzila” va “Qirg’izlarning qisqacha tarixi” nomli asarlarida qirg’iz xalqining tarixiga oid ko’p voqyealarni aks ettirdi. Lekin bu asarlar sovet davrida
“zararli asar” deb e’lon qilinib, ularni o’qish man etildi. XX asr qirg’iz yozma adabiyotining shakllanish davri bo’ldi. Asrimizning 20-30
yillaridan boshlab prozaik va dramatik asarlar paydo bo’la boshladi. K.
Boyaminovning qirg’iz xotin-qizlar o’tmishiga bag’ishlangan “Hojar” povesti,
M.Tokaboyevning “Kakey”, K. Jontoshevning “Qora soch”, “Olim va Mariya” pyesalari qirg’iz realistik adabiyotining dastlabki namunalaridan edi. 30 yillarda qirg’iz adabiyotiga T.Siddiqbekov, A.Osmonov, T.Umedaliyev, A.To’xtamishov kabi yosh ijodkorlar
kirib keldi. T. Umedaliyevning “Oysuluv”, A.Usmonovning “Toluboy” dostonlari o’sha
davrdagi voqyealar tasviriga bag’ishlangan
edi. Dastlabki qirg’iz dramatik asarlarining ko’pchiligi
tarixiy mavzularga bag’ishlangan edi. 1916 yilgi mardikorlikka olishga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olon aks etgan A.To’qimboyevning “Qonli yillar”, M.Eliboyevning “Uzoq yo’l”, J.Turusbekovning “Momot emas, xayot” asarlari
yozildi. Tug’ilboy Siddiqbekovning “Manas va
Almambet”, A.To’qimboyevning “Manas”,Q.Jontoshevning “Qurmonbek”, J.Boqonboyevning “Oltin qiz” asarlari ham o’tmish mavzusida yozilgan edi.
30-yillar
qirg’iz adabiyotida eng sermahsul
yillar bo’ldi. Chunki bu davrda avval qirg’iz adabiyotida bo’lmagan
prozaik va dramatik asarlar paydo bo’ldi. Tug’ilboy Siddiqbekov “Ken suv” va “Temir” romanlari bilan qirg’iz adabiyotida romanchilikka asos soldi. Bu
asarlarda sosialistik mafkurani targ’ib qilish kuchli bo’lsa-da, 20-30 yillar Qirg’izistondagi ijtimoiy-siyosiy voqyealarni yoritib bergan.
Urush
va undan keyingi yillar qirg’iz adabiyoti
sobiq SSSRdagi barcha xalqlar adabiyoti singari rivojlanish bosqichini o’tadi. “Vulgar sosialogizm”, “Konfliktsizlik
nazariyasi” singari zararli oqimlarning qirg’iz adabiyoti rivojiga ham salbiy ta’siri borligini
sezamiz.
Urushdan
keyingi yillar qirg’iz adabiyotida tinchilik, do’stlik,
mehnat temasida ko’plab she’rlar yaratildi. A.To’qimboyevning “Jangchi-paxtakor”, “O’z ko’zim bilan ko’rganim”,
T.Umetaliyevning “Oq oltin qo’shig’i”, “Cho’pon haqida qissa”, Q.Malikboyevning “Qodir aka” kabi dostonlari bu davr qirg’iz poeziyasining go’zal namunalaridan edi.
A.To’qimboyev
qirg’iz yozma adabiyotining beshigini
tebratgan ijodkorlardan biridir. Uning
biriinchi she’ri “Erkin tog’” nomli gazetada 1924 yili
e’lon qilingan. Birinchi
she’rlar to’plami 1927 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik uning “Tutqin Marat”, “Yetim” nomli dostonlari nashr
etilgan. Bu asarlarida shoir o’z boshidan o’tkazgan qiyin turmushning badiiy
kartinasini ishonarli qilib chizib bergan.
“Akay Mergan”, “Yo’l ertaklari” nomli hikoyalar to’plamlari ham qirg’iz adabiyotida kichik prozaning rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo’lgan. Uning “Yarador
yurak” povesti ham o’z zamondoshlarining murakkab hayotini aks ettirgan. 50 –
yillarda uning “Xitoydagi uchrashuv”, “O’z
ko’zim bilan” poemalari e’lon qilindi.
Yozuvchi “o’z ko’zim bilan” nomli
dostonida Nurboy nomli qirg’iz cho’ponining ongidagi o’zgarishlarning ilm, fan
taraqqiyot tufayli qanday yuz berganini tasvirlagan. “Bolalik davrimizda” nomli
asar avtobiografik povest bo’lib, unda adibning Toshkentda o’qigan davrlaridagi
voqyealar tasvirlangan. A.To’kimboyev “O’rmon hokimi”, “Qasos” kabi dramatik
asarlar ham yozgan.
Urushdan
keyingi yillar qirg’iz she’riyatiga
R.Shukurbekov, S.Eraliyev, S. Jusuyev, M.Jong’oziyev kabi yoshlar kirib keldi.
Proza sahasida esa Ch.Aytmatov, N.Boytemirovlarning ijodi juda mashhur bo’ldi.
1945
yilda yozilgan T.Siddiqbekovning “Zamonamiz
kishilari” romani Davlat mukofotiga sazovor bo’ldi. Issiq ko’l vodiysida tug’ilgan. To’g’ilbeyning yozuvchi bo’lib yetishishida
onasining roli katta bo’lgan. Uning
birinchi she’rlar to’plami «Kurash» 1933 yilda e’lon qilindi. Keyinchalik
uning «Botirlar», «Oqin bulbul»
singari she’riy to’plamlari nashr etildi.
U bir qancha hikoyalar,
qissalar ham ijod qilgan. Ayniqsa bolalarga atab yozilgan «Tog’ bolalari» qissasi
ko’pgina tillarga tarjima bo’lgan.
Yozuvchi bir qancha romanlarning
ham muallifidir. Uning «Ken
suv» romani 30- yillarda yozilgan bo’lib, qirg’iz qishloqlarida yuz bergan o’garishlarni o’zida aks ettirgan. Keyinchalik bu asar qayta ishlanib «Tog’lar
orasida» nomi bilan nashr etildi. Asar qahramonlari
Saparbay, Soke, Iymanboy, Saodat, Qalpoqboy
kabilarning hayot yo’lini ko’rsatish bilan qirg’iz xalqining sobiq Ittifoq davridagi hayoti aks
ettirilgan. Albatta yozuvchi o’z
davrining odami sifatida bitta xalqni bir-biriga qarama-qarshi qilib qo’ygan
kommunistlar ideologiyasini ham targ’ib qildi. Lekin
shunga qaramasdan, bu davr qirg’iz
xalqi hayotining realistik kartinasi
romanda to’g’ri ko’rsatilgan. «Temir»
romani esa adib tomonidan 1939-40
yillarda yozilgan. Bu «Ken suv» romanining mantiqiy davomi sifatida ko’zga tashlanadi. Bosh qahramon Temir irodasi mustahkam, qiladigan
ishini avvaldan puxta, pishiq rejalab oladi. Romandagi salbiy obraz
Bo’riboy nihoyatda ayyor, zolim va
yovuz kishi sifatida berilgan.
U o’z maqsadiga erishish uchun hyech narsadan qaytmaydi. Temir ana shu Bo’riboy bilan konfliktda yutib
chiqadi.
Yozuvchining «Zamonamiz kishilari» romani urush
davrida yozilgan. Asarda Issiq ko’l vodiysida yashayotgan qirg’iz xalqi hayoti tasvirlangan. Charg’in, Akiya, Batish,
Dmitriy, Gulnor kabilar zamonamiz kishilari
obrazi sifatida namoyon bo’ladi.
Xullas, T. Sidiqbekov qirg’iz adabiyoti, xususan,
romanchiligini rivojlantirishda katta ijodiy yutuqlarni qo’lga kiritdi.
N.Boytemirov
urush yillaridagi voqyealarga bag’ishlab “Azamat”
nomli qissa yozdi. Bu qissa uchuvchilarning urush yillarida ko’rsatgan
jasoratlariga bag’ishlangan. Uning “So’nggi patron” nomli romani ham shu
mavzuda yozilgan. Yozuvchining “Saltanat”, “Yulduzxon” kabi romanlarida
urushdan keyingi qirg’iz qishloqlaridagi voqyealar aks ettirilgan. Bu asarlar mazmunini tashkil
etuvchi voqyealar bizga H.Olimjonning
“Zaynab va Omon” poemasini eslatadi. Chunki Yulduzxon ham Zaynab singari yetim qiz. Uni tarbiyalagan Totibek eskilik qoldig’idan qutulmagan, Yulduzni o’qishga qo’ymaydi. Yulduz mehnati
bilan kolxozda obro’ topadi. Totibek uni turmushga bermoqchi bo’lganda, qiz sevgan yigiti bor ekanligini aytadi. Xullas, voqyealar shu tarzda rivojlanib, oxir oqibatda Yulduzxon boshliq yoshlar jaholat ustidan g’alaba qiladi. Yulduzxon asar finalida Oliy kengash deputati bo’ladi.
Keyingi
yillar qirg’iz dramaturgiyasi rivojiga
T.Abdumo’minov “Tor dara”, “Qumloq adir”, K.Malikov “Baland yerda” pyesalari bilan katta
hissa qo’shdi. M.Boysheyevning “Bahs”,
Ch.Aytmatovning “Momo yer” kabi pyesalari o’zbek teatrlarida ham qo’yildi.
Keyingi
o’n yilliklarda qirg’iz adabiyotida ko’pgina
talantli yozuvchilar ijod qildi. Bu davrda T.Siddiqbekovning “Ayollar” trilogiyasi, Qosimbekovning “Singan qilich” nomli tarixiy romani o’quvchilarga manzur bo’ldi.
E.Mansurovning “Oq kiyik”, O.Donikeyevning “Qizil qoya”,
Sh.Beyshanalayevning “Omonat” povestlari ham yaxshi asarlar deb tan olindi.
A.To’xtamishovning
“Oltin tog’” she’riy romani, S.Jusuyevning “Suqlanish” kabi dostonlari; O.Sultonov, Sh.Abduhaliqov J.Sodiqovlarning she’riy to’plamlari
keyingi yillar qirg’iz poeziyasining ko’zga ko’ringan
asarlari sanaladi.
Dramaturgiyada
T.Abdimo’minov “Kechirilmas gunohlar”, B.Jakiyev “Ota taqdiri”, M.Tojiboyev “Moskvalik kelin”, “Haq yo’l” kabi asarlari bilan mashhur bo’ldi.
50-yillarda adabiyotga kirib kelgan talantli shoir S.
Eraliyevning yoshligi ikkinchi jahon
urushi davriga to’g’ri keldi. U frontda
janglarga qatnashib jasoratlar ko’rsatdi. Shoir vatan uchun qon to’kib jang qilish
bilan birga, unga bag’ishlab ajoyib asarlar ham yaratdi. 1978 yilda shoirning «Tog’lar
farzandiman» nomli she’riy to’plami o’zbek tiliga tarjima qilinib nashr etildi.
Bu kitobdagi she’rlar uning ona yurtiga bo’lgan otashin muhabbatidan darak beradi.
Uning «Tog’ o’g’liman», «Tog’liksan»,
«Men qirg’izman» she’rlari xuddi Vatanga
bag’ishlangan madhiyaday yangraydi. Masalan. «Men qirg’izman» she’rida quyidagi misralar fikrimizga isbot bo’ladi.
Men jarchiman,
Xabarchiman
To’lqinlanar yuragim,
Shodligimni cheki yo’q
Toshqin daryo singari
Ginasi yo’q, keki yo’q
To’xtagulning yerida,
Yani qirg’iz elida
Tantanali tuy bugun
Tashvishingni qo’y bugun
Bo’z o’tovlar tikilgan
Issiq ko’lning bo’yiga
Eh, xaloyiq, xaloyiq
Bu tuy maqtovga loyiq.
S. Eraliyev «Jonil Mirzo» nomli doston ham yozib,
unda Jonil Mirzo haqidagi folklor
asaridan foydalandi. Bu asar vatanparvarlikni targ’ib etuvchi asar sifatida
shoir ijodida alohida ahamiyatga ega.
Quvonchbek
Malikov qirg’iz adabiyotining ko’zga ko’ringan
shoiri va dramaturgi, uning ilk asarlari 1928 yildan e’lon qilina boshlandi.
Uning «Kuzgi dalalar», «Qonga qon», «Olatovlik qardoshlar» singari she’riy to’plamlari va dostonlari e’lon qilindi.
Ayniqsa, uning «Muhabbat va do’stlik» nomli dostoni juda mashhur bo’ldi.
Quvonchbek Malikov qirg’iz teatrining
yuksalishiga katta hissa qo’shdi. U birinchilardan bo’lib «Oycho’rik», «Manas» va «To’xtagul» singari operalar yaratdi. «Buyuk zamona», «Jonil
Mirzo» singari dramalari ham adib
ijodida yorqin asarlardan hisoblanadi. «Jonil Mirzo» dramasi folklor
asosida yaratilgan. Ma’lumki, Janil
ismli qiz o’z xalqining ozodligi uchun kurash olib borgan. U dushmanning mashhur
botirlari bilan yakkama-yakka jangda merganlik bilan g’alaba qozongan. Qalmoq
xoni Mantu uni hiyla bilan asirga
olganda, butun xalq ko’tarilib, uni tutqinlikdan ozod qilgan. Ana shu syujet asarga mahorat bilan singdirilib, tomoshabinga zavq
beradigan, uning ongiga ta’sir qiladigan ko’rinishlar vujudga kelgan.
Q.
Boyaminov 1902 yilda Baliqchi
rayonida tug’ilgan. 2 yoshida onasidan,
10 yoshida otasidan yetim qolgan. Keyin yetimlikning achchiq qismatini tatib
turli joylarda ishladi. O’z urug’i bilan
Xitoyga keldi. Ana shu bolalik
davri haqida adib «Ajar», «Murot», «Voyaga yetgan yetim» kabi qissalar yozgan. «Ajar» qirg’iz
adabiyotidagi birinchi qissa. Bunda Aytqul ismli kishining farzandlari turli kasalliklardan vafot etadi.
Keyin uning xotini Fotima qizli bo’ladi,
uning ismini Ajar qo’yadi. Aytqul urushda halok bo’ladi, xotini kasal bo’lib o’ladi.
Ajarni bir qari cholga xotinlikka beradi, qiz uning uyidan qochib ketadi. Lekin
uni tunda bo’rilar yeb ketadi. Bu asarda
yetimlikning achchiq qismati juda ta’sirli qilib berilgan.
Yozuvchining
«Issiqko’l yon bag’irlarida» nomli povesti ham ancha mashhur bo’lgan. Bunda qirg’iz
xalqining ijtimoiy tuzumida turli o’zgarishlar
bo’lgan paytdagi hayoti tasvirlangan.
Asar syujetiga tabiat manzaralari tasviri, xalq urf-odatlari, turli
afsona va rivoyatlar ham mahorat bilan singdirib yuborilgan.
Keyingi yillarda qirg’iz adabiyotida, ayniqsa uning
she’riyatida iste’dodli shoirlar ijod qilmoqda. Bu shoirlarning ijodida bir tomondan xalq og’zaki ijodining
an’analariga ergashish ko’zga
tashlansa, ikkinchi tomondan,
zamonaviy Yevropa adabiyotining ta’siri ham
sezilib turadi. Mendi Mamazoirova, Suyarqul Turg’unboyev, Abdurashid Urboyev, Xo’jakeldi
Kultegin, Nodirbek Alimbekov, Yadgar
Salayev singarilarning she’rlari
bugungi qirg’iz adabiyotini bezab turibdi.
Qirg’iz she’riyatida o’zlikni
anglash, milliy urf-odatlar, qadimiy qadriyatlarni tiklash kabi
mavzularda ham ko’plab she’rlar yozilmoqda. Ma’lumki,
qadim qirg’iz adabiyotida
baxshilarning aytishuvi ham katta
rol o’ynagan. Bu baxshilar xalq to’plangan joylarda o’z ijodlarini
namoyish etib, ham shoirlik, ham hofizlik san’atini
egallaganlar. Ular o’z davridagi muhim voqialar haqida kuylab, katta falsafiy, teran fikrlarni bayon
etishgan. Hozirgi qirg’iz
she’riyatida ana shu an’analarning ham davom etayotganligi ko’zga tashlanadi.
Bulardan tashqari
she’riyatning umrboqiy mavzusi sevgi va
sadoqat haqida ham ko’pgina she’rlar yaratilmoqda. Masalan,
Mendi Mamazoirova «Sog’inch qo’shig’i»
nomli she’rida shunday
misralarni yozadi:
Oylar kunni yutar ekan yamlamay
Menchi buni goho anglab, anglamay,
Ora-sira ko’zga
tushib qolaman,
Cho’ntagingda qolib
ketgan tangaday
Shoir Abdurashit Urboyev yaqin o’tmish
mavzusini yoritishga ko’proq urinadi.
Uning «Qurbonjon dodxohning vasiyati» nomli she’ri bunga misol bo’la oladi.
Ma’lumki, Qurbonjon dodxoh Turkistonda
rus bosqiniga qarshi kurashgan jasur, qahramon kishi edi. U ayol bo’lishiga qaramasdan,
katta qo’shin to’plab ruslarning O’rta
Osiyoga kelishiga qarshi jang qildi. Abdurashit Urboyevning bu she’rida Qurbonjonning el-yurtiga, umuman,
turkiy xalqlarga qarata o’lim oldidagi murojaati aks ettirilgan. Bu murojaatda
har qanday holatda ham Vatanni,
millatni himoya qilishga da’vat etilgan. El ichida ko’plab sotqinlar ham chiqqan,
ular o’zga yurtdan kelgan bosqinchilarni non va tuz
bilan kutib olgan. Bu ishni ular tor manfaatlar doirasidan kelib chiqib qiladi. Dushmanlarning marhamatiga
sazavor bo’lish, ular tuzgan yangi
davlatdan biror mansabni egallash
ilinjida millatni sotadiganlar ham
xalq ichida anchagina uchraydi.
Agar yurti birlashsa, u katta kuch bo’ladi, uni
yengadigan, unga bardosh beradigan
dushman yo’q deyiladi ushbu she’rda. Lekin hozirgi dunyoda omon qolish uchun
birlashish bilan birga, xushyor,
farosatli bo’lish ham talab qilinadi.
Aks holda xalq boshida qora bulut
aylanib, «porloq kelajak» emas, balkim qandaydir boshqa kelajak kutadi deydi
shoir.
Xushyor bo’ling, zamon boshqa,
shart boshqa,
Iloj yo’qdir ot tizginin
tortmasga.
Bizlar uchun mezon bo’lsin
farosat,
Ishonmanglar, «Men do’st
degan har kasga…»
Jigarlarim, elu-yurtim,
farzandim,
Yaqin qoldi u dunyoga safarim.
So’zlarimni uqib oling, azizlar,
Vasiyatim, mening so’nggi gaplarim
Ko’rmay qolsam agar osmon yulduzni,
Ichmay qolsam xushbo’y, totli qimizni,
Shoshiling boz xabar bering O’ng,
So’lga,
O’limim ham birlashtirsin qirg’izni…
Haqiqatdan ham, bu she’rda shoir
vatandoshlarini xushyor bo’lishga, birlashishga, farosatli bo’lishga
undayapti. Bu faqat qirg’iz xalqigagina
emas, balki bosqinchilardan jabr ko’rgan
barcha ellar uchun ham ogohlantirishday jaranglab turibdi.
Ko’pgina qirg’iz shoirlarining
she’rlarida o’z yurtining shonli o’tmishi
bilan, tarixda o’tgan mashhur kishilari
bilan faxrlanish tuyg’usi sezilib
turganining guvohi bo’lamiz. Masalan, Nodirbek Alimbekovning «Yoshlari bor» nomli she’rida qirg’iz
xalqining o’tmishi bilan faxrlanish tuyg’usi quyidagicha ifodalangan.
Qirg’izning Talasi
bor, Manasi bor,
Aytmatovday,
Akayevday qanoti bor.
Uchishga shaylangan
shu qanotni
Sindirishdan toymagan odati bor.
Bu satrlarda
faxrlanish tuyg’usi bilan birga, bitta
achchiq haqiqat ham
aytilyapti. Bir-birini ko’rolmaslik, baxillik, birovining muvaffaqiyatidan
ikkinchisi iztirobga tushish odati barcha turkiy xalqlar ichida, oz bo’lsa-da
uchraydi. Shoir ana shu salbiy xislatni armon bilan
ta’kidlayapti. Lekin
she’rning so’nggi misrasi
«Ortida-chi, zo’r umidli yoshlari bor»
degan misralar bilan tugallanib, bu esa o’quvchida kelajakka umid bilan qarashni ta’minlaydi.
N. Alimbekov boshqa xalqlarni hyech ham
kam ko’rmaydi, aksincha, ularning ayrim
fazilatlaridan qirg’izlar o’rganishi kerak degan to’g’ri g’oyani olg’a suradi. Uning «Tungonilar» she’rida
tungan xalqining nihoyatda mehnatkash
xalq ekanligi ta’kidlanib, qirg’izlar ulardan o’rnak olish kerak deydi.
Tungonilar ketmon chopib, ter to’kib,
Rizqin izlab ona yerga yopishar.
Tanballikka ko’nib qolgan qirg’izlar
Toqqa qarab uyqusirab yotishar…
Shoirning «Yahudiylar haqida» nomli
she’rida ham, bu mehnatkash xalqning tejamli, aqlli, bir-biri bilan inoq
ekanligi boshqa xalqlarga ham ibrat bo’lish
kerak deydi.
«Bizga o’xshash odam ekan ular ham
Qo’l-oyog’i, qoshi, boshi bor».
Ana
shunday ajabtovur latifa,
Yangilishmasam, juhudlarga dahldor.
Zamonaviy
qirg’iz she’riyatida yana bir ko’zga
tashlanib turgan xususiyat, bu do’stlik mavzusidir. Bu do’stlik
eng birinchi navbatda Turkistonda
yashab turgan xalqlar o’rtasida
mustahkam bo’lish kerak, degan g’oyalar targ’ib qilinmoqda. Haqiqatdan ham qadimda yagona bo’lgan Turkiston uchta
xonlikka bo’linib ketganligi uchun qariyb 150 yil ruslarga qaram bo’lib qoldi. Ruslar esa Turkistonni boshqarish ason bo’lsin deb beshga bo’lib
yubordi. Ana shu beshta davlat
bugungi kunda tarixiy taraqqiyot tufayli
mustaqillikka erishdi. Bu bizning
ota-bobolarimiz orzu qilib kelgan haqiqiy istiqlol edi.
Hozirgi ming xil nayranglar o’ynab
turgan dunyoda, uni yana yo’qotib qo’yish
hyech gap emas. Shuning uchun
Turkistonning barcha xalqi yagona musht bo’lib birlashish kerak. Ana
shunday bo’lsa, davlat qudratli bo’ladi. Xuddi shunday g’oyalar ko’plab zamonaviy qirg’iz shoirlarining she’rlarida yangramoqda.
Bunga misol sifatida Yadgar Solayevning «Besh panja» nomli she’rini ko’rsatishimiz
mumkin:
Besh
panja bor, beshov birday teng emas,
Beshov
agar biriksami, sen emas,
Odamzodga
sodiq xizmat qilguday,
Qudrati bor, yarim-yorti el emas!
Qirg’iz, qozoq, o’zbek, tojik, turkmanni
Qirgan
paytda, ajdodlarim hurkkanmi?..
Besh
panjaday ahil bo’lsak, biriksak,
Ko’rar edik haddi sig’ib, turtkanni!..
Qardoshlikning
qadrin avval bilaylik,
Hamkor bo’lib,
doim o’ynab-kulaylik.
To’yda
suyanch, aza chog’i tobutkash
Birlashaylik, mushtum bo’lib yuraylik.
Ana shunday qadim Turkiston xalqlarining birlashishiga da’vat boshqa turkiy xalqlar
adabiyotida ham keng yoritilmoqda. Turkistonni yagona Vatan deb tushunish, uning qudrati uchun kurashish faqat
ijodkorlarning emas, balki shu yerda yashovchi barcha xalqlarning muqaddas burchi bo’lib hisoblanishi kerak.
Xullas,
qirg’iz adabiyoti zamon bilan hamohang
tarzda taraqqiy etmoqda. Mustaqillik davrida o’zbek va qirg’iz adabiy aloqalariga yangicha yondashish bo’layapdi. Mashhur yozuvchi Ch.Aytmatovning
bevosita tashabbusi bilan “Issiq ko’l forumi”
singari uyushmalar tuzildi. Bu uyushmalarning asosiy shiori tinchlik, xalqlar o’rtasidagi do’stlikni mustahkamlash va adolatni
tiklashdan iboratdir.
Adabiyotlar
1.
Istoriya kirgizskoy
literaturû. M., 1970.
2.
Ch.Aytmatov, M.Shoxanov.
“Cho’qqida qolgan ovchining ohi-zori”.
T., 1998.
3.
A.To’qimboyev. Tong oldida.
She’riy roman. T., 1985.
4. «Manas» eposi.
1-kitob, T., 1964 y.
5.
S.Eraliyev. Tog’lar farzandiman. She’rlar. Toshkent, 1978.